O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi va Janubiy Koreyaning MEDIWIX Ko. elektron tijorat platformasi hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzoladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Respublikasining Janubiy Koreyadagi elchixonasi ko‘magida O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi hamda MEDIWIX Ko. onlayn savdo platformasi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolandi.
Ushbu platforma ikki davlat tadbirkorlari uchun elektron tijorat maydoniga aylanib, savdo-iqtisodiy aloqalarni yangi bosqichga olib chiqishi kutilmoqda.
Hamkorlikning ikkinchi bosqichida MEDIWIX Ko. platformasini Janubiy Koreyaning keng auditoriyaga ega Coupang va GoBiz xalqaro onlayn savdo platformalari bilan integratsiya qilish nazarda tutilgan.
Olib borilgan muzokaralar natijasida joriy yilning 17 sentyabr kuni MEDIWIX Ko. rahbariyati Toshkent shahriga tashrif buyurishi va tashrif doirasida ikki tomonlama onlayn savdo platformasini amalga oshirish bo‘yicha yakuniy shartnoma imzolanishi kelishib olindi.
Shuningdek, MEDIWIX Ko. platformasini xalqaro elektron tijorat maydonlari bilan integratsiya qilish jarayonida O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi xalqaro grant mablag‘larini jalb etishga ko‘maklashishi belgilandi.